O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasining Irlandiyaga safari

25.10.2022

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Qishloq xo‘jaligida bilim, innovasiyalar va agroxizmatlar milliy markazi (AKIS) rahbarlari, ekspertlari bilan birgalikda Irlandiyada xizmat safarida bo‘lib keldi.

Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Irlandiya Milliy botanika bog‘ida bo‘lishdi. Bog‘ hududida agrosanoat majmuasida ilmiy ishlanmalar, taʼlim va agroxizmatlar organi hisoblangan TEAGASC davlat agentligi tarkibiga kiruvchi Meva-sabzavotchilik kolleji joylashgan. Bu kollejda talabalar va qisqa muddatda taʼlim oluvchilar (5-6 oylik kurslar) mevachilik, o‘rmonchilik, gulchilik, sabzavotchilik (ochiq va himoyalangan joylarda), kartoshkachilik va qo‘ziqorin yetishtirish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishadi. Kollej direktori Jon Mexlern va Teagasc agentligi taʼlim bo‘limi boshlig‘i Anna-Maria Batler tomonidan Irlandiyaning agrar yo‘nalishdagi kollejlari va  Milliy botanika bog‘i bo‘yicha maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, ushbu kollejlarning aynan Milliy botanika bog‘ida joylashganligi talabalarga noyob taʼlim imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu bog‘da 1812-yildan beri sifatli o‘qitish anʼanasi mavjud bo‘lib, talabalarni bog‘dorchilikka o‘rgatishadi. Ayni paytda barcha kurslarda 300 nafar talaba tahsil olmoqda.

O‘quv dasturi yo‘nalishlarga mos ravishda shakllantirilgan. Talabalar kollejdagi 6-darajadan keyin fermer xo‘jaliklarida faoliyat yuritishi mumkin, lekin keyingi vaqtlarda maʼmuriyat ularni 7-8 darajalarni (ushbu daraja bakalavr darajasi bilan tenglashtiriladi) olish uchun ham taʼlimni davom ettirishlarini targ‘ib qilishmoqda. Sababi ushbu darajalarni olgan bitiruvchilar Irlandiyada professional bilim va tajribaga ega mutaxassis deb tan olinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari Teagasc agentligining Bilim tarqatishda aholini qamrab olish va axborot-innovatsiyasi (KT Outreach and Innovation) bo‘limi rahbari Mark Gibson tomonidan tashkil etilgan seminarda ishtirok etishdi. Mark Gibson tinglovchilarni Teagasc faoliyatida barcha ishtirokchilarning funksional bog‘liqlik jarayoni batafsil tasvirlangan organigrammasi bilan yaqindan tanishtirdi. Seminar davomida zamonaviy uslublardan biri sifatida e-learning moduli yaratilishi va uning fermerlar bilim saviyasini oshirishdagi o‘rni alohida taʼkidlandi. Teagasc o‘z faoliyatida elektron pochta marketingi, innovatsion videolavhalarni tarqatish, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish, vebinarlar, treninglar o‘tkazishda raqamli kommunikatsiya tizimlaridan keng foydalanib kelayotgani aytildi.

Delegatsiya aʼzolari shuningdek, Dublin universitetiga uning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fanlari fakulteti bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurishdi.

University College Dublin (USD) 1854-yilda tashkil topgan va Yevropaning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanib, bakalavr, magistratura va PhD yo‘nalishlarida taʼlim beradi. Bu yerda innovatsion ilmiy-tadqiqotlar ham olib boriladi. Universitet nafaqat Irlandiyadagi, balki dunyodagi global muammolarni o‘rganadi, bugungi kunda taʼlim dargohida 152 mamlakatdan 37 000 dan ortiq talaba tahsil oladi.

Universitetning “2020-2024-yillar uchun kelajakka ko‘tarilish strategiyasi” ga muvofiq, USDdagi tadqiqot va innovatsiyalar spektri alohida olimlar, tadqiqot guruhlari, startap kompaniyalari hamda sanoat va boshqa hamkorlar bilan keng ko‘lamli hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari fermerlar jurnali rahbariyati bilan uchrashish uchun Ofalli hududida joylashgan Tullamor ko‘rgazmali fermer xo‘jaligiga borishdi. Har hafta 60 ming nusxada nashr etiladigan jurnalni 120 mingta fermer xo‘jaliklari doimiy kuzatib borishadi. Unda fermerlarning muammolari, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va qishloq xo‘jaligi sohasidagi siyosiy faoliyat bo‘yicha maqolalar berib boriladi. Jurnal tomonidan ko‘rgazmali fermer xo‘jaligi tashkil etilgan bo‘lib, u chorvachilik sohasida faoliyat olib boradi. Har yili mazkur xo‘jalikdagi ishlarni mingga yaqin fermerlar kelib o‘rganib ketadi. 80 gektar maydondagi xo‘jalikda 100 boshga yaqin naslli qoramollar hamda 250 boshga yaqin qo‘ylar ko‘paytirib kelinmoqda. Ahamiyatlisi, ko‘rgazmali xo‘jalik mobil dastur orqali boshqariladi. Poda harakati, ozuqa sarfi va shu kabi maʼlumotlar ushbu mobil dasturga doimiy tarzda kiritib boriladi.

Tashrif doirasida Irlandiya fermer xo‘jaliklarining eng yirik kooperatsiyasi bo‘lgan Tirlan uyushmasi faoliyati o‘rganildi. Fermerlarga qarashli mazkur kooperativ jahon bozorida birinchi darajali muvaffaqiyatga erishgan hamda Irlandiyaning eng yirik sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari qatoriga kiradi. Fermerlar boshqaradigan ushbu muassasada 11 ta qayta ishlash korxonasi, 52 ta qishloq xo‘jaligi filiali, 2 ming nafardan ortiq xodimlar mavjud hamda 2022-yili 3 mlrd yevro daromad olinishi rejalashtirgan.

Irlandiya qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) hisoblangan Tegask davlat agentligining Grenj shahrida joylashgan Chorvachilik va yaylovlar ilmiy-tadqiqot markazidagi o‘rganish ishlari vazirlik delegatsiyasi aʼzolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ilmiy muassasa 2 ta yo‘nalish: hayvonlar va biofanlar hamda yaylovchilik bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. Markazda fermer xo‘jaliklari faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar, chorva hayvonlaridan go‘sht yetishtirish jarayonida atrof-muhitga karbon gazlarini ishlab chiqarishni kamaytirish, sifatli go‘sht yetishtirish, yuqori mahsuldor hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.

Chorvachilik va yaylovlar ilmiy-tadqiqot markazining Kork shahrida joylashgan Yaylovchilik departamentiga borilganda, ilmiy xodim Maykl O Leriy departament faoliyati bo‘yicha to‘liq maʼlumot berib o‘tdi. 2013-yili izlanuvchilar tomonidan “PastureBase Ireland” (Irlandiya yaylovlar bazasi) mobil ilovasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunda u butun Irlandiya bo‘ylab ommaviy foydalanilmoqda. Mobil ilovaga maʼlumotlar fermer xo‘jaliklari, maslahatchilar va talabalar tomonidan kiritib boriladi hamda Tegask davlat agentligi mutaxassislari tomonidan tahlil etiladi, shuningdek, yaylovlarning umumiy hosildorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar kiritiladi. Mazkur mobil ilova orqali fermer xo‘jaliklari o‘z yaylovlarida mavjud ozuqalar miqdori va ularning o‘sishi bo‘yicha maʼlumotlarni kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Navbatdagi manzil Tegask davlat agentligining Kork shahrida joylashgan Oziq-ovqat tadqiqoti markazi bo‘ldi. Markaz oziq-ovqat xavfsizligi, biofan, oziq-ovqat sifati, kimyosi va texnologiyasi, sanoati kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Maqsadi esa oziq-ovqat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarini diversifikatsiya qilishni rag‘batlantirish/mahsulot portfelini kengaytirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish, ilmiy asoslangan takliflarni taqdim etishdir.

Kork kolleji universiteti (University of College Cork) faoliyati bilan tanishuv chog‘ida professor Frank Bukliy universitet bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berdi. Ushbu OTMning Biologiya, yer va atrof-muhit fanlari fakulteti Tegask davlat agentligi bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib boradi. Taʼlimning 70 foizi auditoriyada, 30 foizi amaliyotda o‘tkaziladi. 3-4 bosqichda talabalar fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘taydilar. Universitet talaba va professorlari uchun Oziq-ovqat tadqiqoti markazida ilmiy izlanishlarni olib borish uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Tashrif davomida Irlandiya qishloq xo‘jaligi sohasida maslahatlar berish bo‘yicha xususiy tizimda faoliyat olib boruvchi Qishloq xo‘jaligi konsultantlari uyushmasi rahbari Brein Karroll bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uyushmaga 1979-yili asos solingan bo‘lib, 1981-yilda Irlandiyaning mustaqil qishloq xo‘jaligi maslahatchilari uyushmasi sifatida ro‘yxatga olingan. Uyushmaga jami 55 ming (umumiy xo‘jaliklarning 40 foiziga yaqin) fermer xo‘jaliklari aʼzo. Uning Irlandiya bo‘ylab 165 dan ortiq xizmat ofislari, 280 nafarga yaqin qishloq xo‘jaligi, 11 nafar o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassislari mavjud. Uyushma turli ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini reklama qilish, qishloq xo‘jaligi sohasida maslahat bilan xizmat ko‘rsatish orqali o‘zini o‘zi moliyalashtiradi.

Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi vakillarining Irlandiyaga bo‘lgan qiziqarli va hodisalaru tashriflarga boy safari nihoyasiga yetdi.

0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x